Xorijda ishlayotgan fuqarolarning ish stajini tasdiqlovchi hujjatlar nimalardan iborat? – Mutaxassis izoh berdi

Furqat Ro'zmetov - 2020-01-01 123
IMG

9 noyabr kuni mehnat migranti o‘zini o‘zi band qilgan shaxsga tenglashtirilgani bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘limi boshlig‘i Abror Xolmatov 20 yildan buyon Rossiyadagi davlat korxonasida elektr ustasi bo‘lib ishlaydigan o‘zbekistonlikning mehnat daftarchasidagi 20 yillik mehnat staji pensiyaga chiqish uchun qanchalik yordam berishi to‘g‘risidagi savoliga javob berdi.

«Vazirlar Mahkamasining 46-sonli qarori bilan shu narsa belgilangan: fuqaro O‘zbekiston Respublikasini kesib o‘tganidan keyin (albatta respublika chegarasini kesib o‘tish yo‘li bilan o‘tish kerak) pasportidagi kirdi-chiqdi shtamplari bu chegaradan kirib chiqqanligi haqidagi asosiy hujjat hisoblanadi.

Qarorda ish stajini tasdiqlovchi hujjatlar aytib o‘tilgan. Tasdiqlovchi hujjatlar, bu birinchi navbatda – mehnat daftarchasidagi yozuvlar. Agar mehnat daftarchasidagi yozuvlar bo‘lmasa, chet elda ishlaganligi to‘g‘risida ish beruvchisidan ma'lumotnoma, bu ikkinchisi. Agar bunisi ham bo‘lmasa, chet eldagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasidagi ma'lumotnomasi ham ish stajini hisoblash uchun asos sanaladi.

20 yildan beri Rossiyada ishlab kelgan fuqaro O‘zbekistonga kirib kelganidan so‘ng 36 oy mobaynida Rossiyada ishlagani to‘g‘risida mehnat daftarchasi bilan kelib, Pensiya jamg‘armasiga ariza bilan murojaat qiladi. Pensiya jamg‘armasi mehnat daftarchasidagi chet elda ishlagan davrining hisob-kitobini chiqarib beradi va to‘lov miqdorlarini belgilab beradi.

Shundan keyin ushbu fuqaro 36 oy mobaynida to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin. Faqatgina to‘lovlarni amalga oshirgandan so‘ng bu fuqaroning 20 yillik ish staji hisobga olinadi. Shu narsani unutmasligimiz kerak. Rossiya yoki boshqa davlatda ishlagan davrdagi mehnat daftarchasidagi 1991 yildan keyingi yozuvlar Pensiya jamg‘armasiga to‘langan badallari hisobidan ish staji hisoblanadi. Agar badallar o‘z vaqtida to‘langan bo‘lsa, fuqaroning 20 yillik ish staji to‘g‘ridan to‘g‘ri ish stajiga olinadi. Faqat badallar to‘langan bo‘lishi kerak. Takrorlab aytaman, badallarni ixtiyoriy ravishda to‘lash kerak bo‘ladi», deya Abror Xolmatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.